Joriy yilning 19-sentyabr kuni Toshkent shahrida “Birodarlar shaharlararo turizmi: gastro-diplomatiya tajribasi” mavzusidagi davra suhbati va rasmiy anglashuv memorandumini imzolash marosimi tashkil etildi.
Tadbirda quyidagi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi:
• O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi
• O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi
• O‘zbekiston Oshpazlar uyushmasi
• Do‘stlik jamiyatlari
• Vatandoshlar jamiyat fondi
• Milliy madaniy markazlar
Tadbirni “Birodar shaharlar alyansi” raisi ochib berdi.
Shundan so‘ng Turizm qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Sardor Muxtorovich Niyazov o‘z nutqida mamlakatimizda turizm, xususan gastroturizmni rivojlantirish, mahalliy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi ustuvor vazifalar haqida so‘z yuritdi.
O‘zbekiston Oshpazlar uyushmasi raisi Akbar Xamdamovich Umarov milliy oshxona va gastronomik turizmning global miqyosda targ‘ib etilishi, shuningdek uning shaharlarimizning madaniy salohiyatini ochib berishdagi o‘rni haqida fikr bildirdi. Unga ko‘ra, gastronomik turizm — shahar madaniyatining yuzidir.
Tadbir yakunida Birodar shaharlar alyansi va O‘zbekiston Oshpazlar uyushmasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikka oid anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat gastro-diplomatiya, shaharlararo hamkorlik va madaniy almashinuv yo‘nalishlarida amalga oshiriladigan qo‘shma loyihalar uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.


