+998712667800, +998712667778 O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, st. Oltin tepa, 354-uy
2025-04-26 09:35 65

O‘zbekiston va Qozog‘iston turizm sohasida strategik hamkorlikni mustahkamlamoqda

2025-yil 25-aprel kuni Almati shahrida O‘zbekistonning turistik salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ikki davlatning turizm sohasi vakillari, diplomatlar, ekspertlar va tadbirkorlik doiralari ishtirok etib, turizmni rivojlantirish istiqbollari, yangi hamkorlik yo‘nalishlari hamda boy madaniy va tarixiy merosni targ‘ib qilish masalalarini muhokama qildilar.

O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchisi Baxtiyor Ibragimov kirish nutqida davlatlar o‘rtasidagi turistik aloqalarni yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladi hamda O‘zbekistonning boy madaniyati va tarixi xalqaro sayyohlarni jalb etish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.

Turizm qo‘mitasi vakillari mamlakat hududlarining turistik salohiyati haqida batafsil ma’lumot berib, infratuzilmani rivojlantirish, ichki turizmni qo‘llab-quvvatlash va xorijiy bozorlar uchun mo‘ljallangan yangi turistik mahsulotlar yaratishga alohida e’tibor qaratdilar. Mehmonlarga Samarqand, Buxoro va Xivaning mashhur diqqatga sazovor joylari, zamonaviy turistik obyektlar hamda ekologik va gastronomik turizm imkoniyatlari aks etgan videorolik namoyish etildi.

O‘zbekiston Oshpazlar Uyushmasi jamoasi esa an’anaviy milliy taomlar namoyishini tashkil etib, mehmonlarga o‘zbek oshxonasining betakror ta’mini kashf etish imkonini berdi.

 

Taqdimot doirasida B2B uchrashuvlar o‘tkazilib, unda ishtirokchilar qo‘shma turlar tashkil etish istiqbollari, tajriba almashish va yangi biznes aloqalar o‘rnatish masalalarini muhokama qildilar.