Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilayotgan “Orol turizmi” xalqaro haftaligi doirasida bugun Nukus shahrida “Orol baliqlaridan 99 ta taom” xalqaro gastronomik festivali bo‘lib o‘tdi.
Festivalning maqsadi hududlarning gastronomik turizm salohiyatini keng targ‘ib qilishdan iborat bo‘lib, unda ko‘p millatli yurtda yashovchi barcha xalq va millatlar sevib iste’mol qiladigan taomlar mohir oshpazlar va havaskorlar tomonidan tayyorlandi.
Tadbirda mahalliy va xorijiy sayyohlar, talaba-yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Festival yakunida Orolbo‘yiga xos bo‘lgan baliq taomlarini tayyorlash bo‘yicha o‘zaro bellashgan oshpazlar orasidan aniqlangan g‘olib va sovrindorlar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Taomlarni adolatli va professional baholashni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Oshpazlar Uyushmasi tomonidan hakamlar hay’ati shakllantirildi. Hay’at tarkibiga uyushmaning bosh texnologi — Tolibjon Umaraliyev, Qoraqalpog‘iston hududiy boshqarmasi rahbari — Gulmurza Yuldashev, uyushma o‘qituvchisi — Bekchanov Ne’mat hamda Xorazm Ma’mun akademiyasi professori hakam sifatida jalb etildi.

