Joriy yilning 29–30-aprel kunlari Namangan viloyatida gastronomiya sohasiga bag‘ishlangan muhim tadbir — seminar va master-klasslar o‘tkazildi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Oshpazlar Assotsiatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Ikki kun davom etgan tadbir viloyatdagi yetakchi mehmonxona va restoranlar oshpazlari hamda ofitsiantlari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ularga kasbiy mahoratni oshirish, yangi bilim va ko‘nikmalarni egallash, zamonaviy tendensiyalar bilan tanishish imkonini yaratdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar gastronomik xizmatlarni boshqarishning zamonaviy yo‘nalishlari, mijozlarga xizmat ko‘rsatishdagi innovatsion yondashuvlar, milliy va xalqaro oshxona uslublarining uyg‘unlashuvi bo‘yicha nazariy va amaliy ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Master-klasslar jarayonida tajribali oshpazlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, zamonaviy texnologiyalar asosida taom tayyorlash jarayonlarini amalda namoyish etdilar. Bunday amaliy mashg‘ulotlar nafaqat malaka oshirishga, balki mahalliy kulinariya madaniyatini rivojlantirishga ham xizmat qiladi.
Ishtirokchilarning ta’kidlashicha, bunday seminar va master-klasslar xizmat ko‘rsatish sifati, mehmondo‘stlik madaniyati hamda turistik jozibadorlikni oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Ta’kidlash joizki, mazkur tashabbus xalqaro va mahalliy sayyohlar sonini oshirish, turistlar uchun qulay va yoqimli muhit yaratish, shuningdek, turizm infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Ikki kun mobaynida 60 nafar oshpaz va ofitsiant seminar va master-klasslarda ishtirok etib, o‘z mahoratlarini oshirdilar va maxsus sertifikatlarga ega bo‘ldilar.

