2025-yil 23-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mo‘g‘ulistonga davlat tashrifi doirasida, Ulan-Bator shahrida “O‘zbekiston — Buyuk Ipak yo‘li durdonasi” mavzusidagi O‘zbekiston–Mo‘g‘uliston turizm forumi o‘tkazildi.
Forumda ikki davlatning yetakchi turizm tashkilotlari va ommaviy axborot vositalaridan 150 dan ortiq vakillar ishtirok etdi. Tadbir davomida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati, yangi infratuzilma loyihalari, ekologik, ziyorat va gastronomik turizm yo‘nalishlarida olib borilayotgan islohotlar haqida taqdimotlar namoyish etildi.
Forum yakunida o‘zbek xalqining boy madaniy merosini aks ettiruvchi folklor dasturi namoyish qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston Oshpazlar uyushmasi vakillari tayyorlagan milliy taomlardan iborat ziyofat mehmonlarga taqdim etildi.
Mazkur forum O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, madaniy aloqalarni chuqurlashtirish va istiqbolli loyihalarni ilgari surishda muhim qadam bo‘ldi.

